Davlat ramzlari

Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasidan ko‘chirma:

 

 23-modda. Ozarbayjon davlatining ramzlari

I.Ozarbayjon Respublikasining davlat ramzlari-Ozarbayjon Respublikasining Davlat bayrog‘i, Ozarbayjon Respublikasining Davlat gerbi va Ozarbayjon Respublikasining Davlat madhiyasi.

II Ozarbayjon Respublikasining davlat bayrog‘i kengligi teng uchta gorizontal chiziqdan iborat. Yuqori chiziq ko‘k, o‘rtasi qizil, pastki qismi yashil rangdadir va qizil chiziqning o’rtasida bayroqning ikkala tomonida oq rangli yarim oy bilan sakkiz qirrali yulduz tasviri bor. Bayroqning kengligi uning uzunligiga

 1: 2 ga to‘g‘ri keladi.

 III.Ozarbayjon Respublikasi Davlat bayrog‘i va Ozarbayjon Respublikasi Davlat gerbi tasviri, Ozarbayjon Respublikasi davlat madhiyasining musiqasi va matni Ozarbayjon Respuboikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan belgilanadi.

 

Davlat bayrog‘i

 

Ozarbayjon Xalq Jumhuriyatining uch rangli davlat bayrog‘i ilk marotaba  1918 yil 9 noyabrda Bokuda bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida qabul qilingan va  1918 yil 7 dekabrda Ozarbayjon Xalq Respublikasi Parlamentining ochilish paytida Parlament binosiga o‘rnatilgan.

 

Ozarbayjon hukumatining 1918 yil 9 noyabrdagi Milliy bayroq to‘g‘risidagi qarorlari kitobidan ko‘chirma:

"Eshitildi: Vazirlar Kengashi raisining Milliy bayroq to‘g‘risidagi ma'ruzasi.

Qaror qilindi: Yashil, qizil va ko‘k ranglardan,oq yarim oy va sakkiz qirrali yulduzdan iborat bayroq Milliy bayroq deb hisoblansin ”

 

1920 yil 27  aprelgacha - Ozarbayjon Xalq Jumhuriyatining qulashiga qadar davlat bayrog‘i maqomiga ega bo‘lgan ushbu bayroq,  1920 yil 3 mayda Sovet Rossiyasi  qo‘shinlari tomonidan Ozarbayjonni bosib olinishi natijasida Ozarbayjon Parlamenti binosidan tushirilgan. Ozarbayjon Xalq Jumhuriyatidan yodgor bo‘lgan bayroq, 1990 yil 17 noyabrda Naxchivon Avtonom Respublikasi Oliy Majlisi raisi, xalqimizning milliy rahbari Haydar Aliyev tashabbusi va rahbarligida o‘tkazilgan sessiyada Naxchivan Avtonom Respublikasining davlat bayrog‘i sifatida tasdiqlandi. Shu bilan birga, Naxchivan avtonom Respublikasi Oliy Majlisi Ozarbayjon SSR Oliy Kengashiga ushbu bayroqni Ozarbayjonning rasmiy davlat ramzi sifatida tan olishni so‘rab talabnoma bilan chiqdi. 1991 yil 5 fevralda Ozarbayjon Respublikasi Oliy Kengashi talabnomani ko‘rib chiqdi va ushbu bayroqni Ozarbayjonning davlat bayrog‘i sifatida qayta qabul qilishga qaror qildi. Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining  2009 yil 17 noyabrdagi Farmoni bilan mamlakatda 9 noyabr Davlat Bayrog‘i Kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.

Bayroq  kengligi teng uchta gorizontal chiziqdan iborat (yuqori chiziq ko‘k, o‘rta chiziq qizil, pastki chiziq yashil). Qizil chiziqning o‘rtasida bayroqning ikkala tomonida oq yarim oy bilan sakkiz qirrali yulduz joylashgan. Bayroqning ko‘k rangi turklilik, qizil rangi- zamonaviy jamiyat, demokratiyani,yashil rangi esa- islomni anglatadi.

 

Ozarbayjon Xalq Jumhuriyati  Rayosat Hay'ati raisi M. A. Rasulzoda:

"Biz ko‘targan bayroqning uch rangi: turk milliy madaniyati, musulmon sivilizatsiyasi va zamonaviy Yevropa demokratik asoslarining ramzidir."

 

Ozarbayjon Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi Uzeyir Hojibeyli:

“Ko‘k rangi turkchilikni, yashil  rangi islomni,qizil rangi  madaniyatga ishora bo‘lgan bayrog‘imizning- mazmun - mohiyati,ma'naviyati ham shunda."

 

Davlat gerbi

 

 

Hozirgi Davlat gerbi Ozarbayjon Xalq Jumhuriyati davrida yaratilgan gerb loyihasining shakli bo‘lib, unda ma'lum o‘zgarishlar amalga oshirildi.

 

Ozarbayjon Davlat gerbi to‘g‘risida Ozarbayjon Xalq Jumhuriyati hukumati  1920 yil 30 yanvarda tanlov e'lon qildi va tanlovda o‘tgan gerb namunasi o‘sha yilning 28 mayida qabul qilinishi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Biroq, 1920 yilning 28 aprelida Ozarbayjon Xalq

Jumhuriyati  qulashi natijasida Davlat gerbi to‘g‘risida qaror qabul qilish imkoniyati bo’lmay qoldi.

 

1990 yilning 17 noyabrida Naxchivon Avtonom Respublikasi Oliy Majlisi Davlat gerbi masalasini muhokama qilib, Ozarbayjon SSR Oliy Kengashiga Ozarbayjon Davlat gerbini

tayyorlash bo‘yicha yangi tanlov e'lon qilishni so‘rab taklif bilan chiqdi. Tanlov  Ozarbayjon Respublikasi Oliy Kengashining qarori bilan 1991 yilning 5 fevralida e'lon qilindi va  1993 yil 19 yanvar kuni Konstitutsiyaviy qonun asosida, 1919-1920 yillarda ishlab chiqilgan Davlat gerbi loyihalaridan biri, ma'lum o‘zgarishlar bilan Ozarbayjon Respublikasining Davlat gerbi sifatida tasdiqlandi.

 

 Ozarbayjon Respublikasining 2018 yil 2 noyabridagi "Ozarbayjon Respublikasi Davlat gerbi tavsifini tasdiqlash to‘g‘risida" gi Konstitutsiyaviy qonunidan ko‘chirma:

 

1-modda. Umumiy tasvir

 

1.1.        Ozarbayjon Respublikasining Davlat gerbi-bu ikkita eman novdasi va ikkita bug‘doy boshog‘idan yasalgan gulchambar ustida joylashgan sharqona qalqon shaklidadir..

 

1.2.        Qalqonda Ozarbayjon Respublikasi Davlat bayrog‘i ranglari fonida sakkiz qirrali yulduz, yulduzning markazida olov tasviri bor. Yulduz oq, olov qizil, eman shoxlari yashil,

bug‘doy boshoqlari sariq, qalqon  va yulduzning gardishlari, shuningdek qalqon tugmachalari (8 ta) va eman qubbalari (5 ta) oltin rangga ega.

 

Ozarbayjon Respublikasining Davlat Madhiyasi

 

Davlat madhiyasi 1920 yilning 30 yanvairda Ozarbayjon Xalq Jumhuriyati Vazirlar Kengashi Jumhuriyatning milliy  madhiyasini ishlab chiqish (tayyorlash) to‘g‘risida qaror qabul qildi va bu maqsadda Xalq Ta'limi Vazirligi tanlov e'lon qildi. Biroq, 1920 yilning 28 aprelida Xalq Jumhuriyatiningining qulashi, Ozarbayjon milliy madhiyasining qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymadi.

 

1992 yil 27 mayda parlament "Ozarbayjon Respublikasining Davlat Madhiyasi to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qildi. Qonunga ko‘ra, 1919 yilda mashhur bastakor Uzeyir Hojibeyli va shoir

Ahmad Javod tomonidan bastalangan  " Ozarbayjon marshi " Ozarbayjon Davlat Madhiyasi sifatida tasdiqlandi.

 

                                 Uzeyir Hojibeyli musiqasi

                                 Ahmad Javod so‘zi

 

                          Ozarbayjon, Ozarbayjon!

                          Ey qahramon avlodlar shonli Vatani!

                          Sening uchun jon bermakka jumlamiz hozir!

                          Sening uchun qon to‘kmoqqa jumlamiz qodir!

                          Uch rangli bayrog‘ing-la ma'sud yasha!

                          Minglab jonlar qurbon bo‘ldi!

                          Bag‘ring jangga maydon bo‘ldi!

                          Erkidan voz kechgan  askar,

                          Har biri qahramon bo‘ldi!

                          Bo‘lasan sen guliston,

                          Senga har on jon qurbon!

                          Senga cheksiz muhabbat,

                          Ko‘ksimni etdi makon!

                          Or-nomusing hifz etmoqqa,

                          Bayrog‘ing baland tutmoqqa,

                          Farzandlaring mushtoqdir!

                          Shonli Vatan! Shonli Vatan!

                          Ozarbayjon!Ozarbayjon!



Barcha huquqlar himoyalangan. Har qanday litsenziyalangan materialdan foydalanish uchun murojaat qiling.
Maxfiylik siyosati